“Antikorrupsiya haftaligi” doirasida Suv xo‘jaligi vazirligida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Toshkent shahar prokuraturasi hamda Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ta’kidlandiki, taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli. Shu bois mamlakatimizda mazkur illatga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Xususan, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda ushbu yangi tuzilmaning korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabi muhim choralar ko‘rishga mas’ulligi xususida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, korrupsiyani faqat davlat tomonidan amalga oshilariladigan tashkiliy-huquqiy islohotlar bilan yengib bo‘lmaydi, bu boradagi sa’y-harakatlarda har bir fuqaroning ham faol ishtiroki zarur. Muloqotlar davomida ayni jihatga alohida e’tibor qaratilib, fuqarolik pozitsiyasi hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning zarurati yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.