Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilning 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan doimiy monitoring o‘tkazib borilmoqda.
Xususan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va muntazam monitoring qilish, shu jumladan, ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma’lumotlarini Internet tarmog‘iga joylashtirish bo‘yicha majburiyatlari hisobi yuritilmoqda.
Farmonda 2021 yilning 1 dekabridan boshlab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlash belgilangan.
Shu munosabat bilan joriy yilning 3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi “Uzreport TV” telekanali hamda “Youtube” tarmog‘i orqali jonli efirda translyatsiya qilindi.
Yalpi majlisda deputatlar tomonidan bir qator qonun loyihalari qatorida korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining mazkur oyda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sessiyalari ham mahalliy telekanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn translyatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.