“Antikorrupsion haftaligi” doirasidagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri joriy yil 1 dekabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida ham bo‘lib o‘tdi.
Unda korrupsiyaga qarshi kurashishda eng ta’sir chora sifatida faoliyatni raqamlashtirish va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali inson omilini kamaytirish, shaffoflikka erishish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada, xususan, mamlkatimiz Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar va ularning ijrosi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Ma’lum qilinishicha, Ochiq ma’lumotlar portali – https://data.gov.uz hamda qo‘mitaning rasmiy veb-saytida har chorak yakuni bo‘yicha 24 xildagi ochiq ma’lumotlar taqdim etib kelinmoqda. Bular qo‘mita faoliyatiga oid hisobot, davlat xaridlari, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, budjet sarfi va boshqa bir qator muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Qayd etilganidek, qo‘mitaga ishga qabul jarayoni ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda kechmoqda. 2021 yil 30 noyabr holatiga qo‘mita va uning tarkibiy, hududiy tashkilotlarida jami 11 347 ta shtat birligi bo‘yicha xodim mavjud bo‘lib, ulardan 32 foizi boshqaruv, 68 foizi texnik va xizmat ko‘rsatish tizimiga to‘g‘ri keladi. Sohalar kesimida tahliliga ko‘ra, xodimlarning 32 foizi ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, 6 foizi geolog, 5 foizi o‘rmon xo‘jaligi, 5 foizi biolog, 4 foizi zootexnik, 4 foizi o‘simliklarni himoya qilish, 3 foizi suv xo‘jaligi, 3 foizi kimyo texnolog, 17 foizi iqtisodchi va huquqshunoslik, 1 foizi axborot texnologiyalari, jurnalistika yo‘nalishidagi mutaxassislardir.
Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalaridagi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga nomzodlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilinmoqda. Bu amaliyot sohaga iqtidorli va malakali mutaxassislarni tanlab olishda yengilliklar bermoqda, “tanish-bilishchilik”, mahalliychilik kabi salbiy holatlar barham topmoqda. Hozirgi vaqtda qo‘mita tizimida jami 41 ta vakant o‘rni mavjud.
“Ochiq eshiklar kuni”da davlat budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ma’lumot berib o‘tildi.