Joriy yil 6 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik bilan ishlashning roli” mavzusida maxsus trening tashkil etildi. Unda Agentlik rahbariyati, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul mutaxassislari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbariyati ommaviy axborot vositalari vakillari bilan sohadagi bir qator muhim yo‘nalishlar yuzasidan ochiq muloqot qildi.
Jumladan, korrupsiyaga oid xabarlarni yoritishda OAV pozitsiyasi, korrupsiyaviy holatlarni aniqlashda jurnalistik surishtiruvning o‘rni, OAV va internet orqali korrupsiyaning oldini olish va halollikni shakllantirishda o‘ziga xos mexanizmlar, axborotdan erkin foydalanish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining qonunchilik asoslari kabi masalalar trening ishining asosiy mavzulari bo‘ldi.
Muloqotlar davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi muhim institut sifatida samarali kuchga ega ekanligi ta’kidlandi.
Jamiyatda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiogen holatlarni fosh etishda jurnalist va blogerlar tomonidan jamoatchilikka yetkaziladigan ma’lumotlarning aniq va batafsilligi, xolisligi katta ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. Bu borada korrupsiyaga oid materiallar tayyorlashda ma’lumotlar to‘plash, ulardan foydalanish, tahlil qilish va jamoatchilikka taqdim etishda qonunchilik talablari, shuningdek, kasb etikasiga rioya etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Treningda Agentlik va ommaviy axborot vositalarining hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish choralari ham muhokama etildi. Mazkur masalada ishtirokchilar tomonidan bir necha takliflar ilgari surildi. Unga ko‘ra, bu kabi treninglarni ko‘proq amaliy faoliyat bilan bog‘liq mashg‘ulotlar orqali muntazam tashkil etish, ayni yo‘nalishga qiziquvchi jurnalist va blogerlar doirasini kengaytirish, ular bilan doimiy muloqotlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Agentlik mas’ullari kelgusida korrupsiyaga oid materiallar tayyorlashda jurnalist va blogerlar duch kelayotgan to‘siqlar, ularni qiziqtirayotgan masalalar hamda mavjud muammolarni hamkorlikda hal etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilishini ma’lum qildi.