Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalarining korrupsiyaga qarshi kurashish agentliklari o‘rtasida imzolangan memorandumda belgilangan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishda Qozog‘iston tajribasini o‘rganish maqsadida joriy yilning 23-24 dekabr kunlari Agentlik direktori o‘rinbosari T.Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur davlatga tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari M.Axmetjanov bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Shuningdek, M.Axmetjanov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashi raisi sifatida mazkur kengashning navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtirok etishi va unga a’zo bo‘lish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklifini ilgari surdi.
Shundan so‘ng, sohalar hamda yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maqsadida seminar-treninglar tashkil etilib, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun javobgarlik, davlat xaridlari tizimi, daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash, qonunlar va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, davlat organlarining ochiqlik darajasini yaxshilash va boshqa masalalar xususida ma’lumot almashildi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tashkil etilgan “Call-markaz», Agentlikning Nur-Sulton shahri bo‘yicha hududiy departamenti, Xalqqa xizmat ko‘rsatish markazlari, Nur-Sulton shahar hokimligining situatsion markazi, Sariarqa tuman hokimligining xizmat ko‘rsatish markazi faoliyatlari bilan tanishishdi.
Bundan tashqari, Agentlik mas’ullari Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashib, muloqotlar davomida Huquqiy statistika va maxsus hisoblar, jinoiy jazolarni ijro etish jarayonida korrupsiya xavfini oldini olish va fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda yo‘lga qo‘yilgan raqamli texnologiya va tizimlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bu esa vakillarimizga Qozog‘iston Respublikasida joriy etilgan korrupsiya xavflarining oldini olishga qaratilgan kompleks tizimlarning amaliy samarasi haqida joyida tanishish imkonini berdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshirishga kelishib oldilar.