Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli Farmoni talablari asosida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida «Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi muvofiqlik (“komplayens-nazorat”) tizimi joriy etilgan. Shuningdek, mazkur sohadagi ishlarni samarali olib borish uchun “KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shunga muvofiq, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Axloq kodeksi”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” kabi 20 dan ortiq ichki me’yoriy hujjatlar ishlab chiqib, tasdiqlangan.
Xozirda, korrupsiyaga qarshi “Komplayens-nazorat” tizimi kimyo sanoati korxonalariga bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Jumladan, bugungi kunga qadar “Navoiyazot”, “Farg‘onaazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Maksam-Chirchiq” AJlarda hamda “Birinchi rezinotexnika zavodi” kabilarda ushbu tizim joriy etilgan. Mazkur tashkilotlarda joriy etilgan yangi tuzilmaga ishga qabul qilish uchun nomzodlarni ochiq tanlovlar asosida tanlab olish jarayonlari kechmoqda.
Shu kabi chora-tadbirlarning samarasi o‘laroq, joriy yilning noyabr oyida ISO 37001:2016 xalqaro standart talablariga muvofiq “CERT International” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zkimyosanoat” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi auditdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Natijada xalqaro auditorlik va sertifikatlash tashkiloti Aksiyadorlik jamiyatiga korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi amalda samara berayotganining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanuvchi ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikatini taqdim etdi.
Ushbu sertifikat “O‘zkimyosanoat” AJda korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish va u bilan bog‘liq xatarlar, zararlarning oldini olish yoki minimallashtirishga qaratilgan mexanizmlarni kuchaytirishda katta ahamiyat kasb etadi.