2022 yilning 21 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Singapur Korrupsiya jinoyatlarini tergov qilish byurosi rahbariyati – Amaliyotlar boshqarmasi boshlig‘i Chin Vi Liam o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Singapur Korrupsiya jinoyatlarini tergov qilish byurosi (CPIB) – 1952 yilda Singapurda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil organ sifatida tashkil etilgan bo‘lib, “Korrupsiyaning oldini olish to‘g‘risidagi qonun”ga muvofiq korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni tekshirish vakolatiga ega bo‘lgan yagona organ hisoblanadi.
“Transparency International” korrupsiyani qabul qilish bo‘yicha 2020 yilda e’lon qilingan indeksida Singapur 3 o‘rinni egallagan.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va milliy amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkillashtirildi.
O‘z o‘rnida, xorijiy hamkasblar tomonidan korrupsiyaning oldini olish va ta’lim sohasidagi sa’y-harakatlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda Singapur hukumatining yondashuvi, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish siyosati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlaridagi ishlari va tajribasi taqdim qilindi. Jumladan, mamlakatda korrupsiya qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi, sohaga oid joriy etilgan xalqaro standartlar hamda mazkur yo‘nalishda jamoatchilikning o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ikki davlat o‘rtasidagi tajribani yaqindan o‘rganish va almashish maqsadida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda qo‘shma tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati