Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatishni ta’minlash belgilangan.
Shunga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil 1 dekabrdan 2022 yil 10 yanvarga qadar bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari sessiyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirga uzatilishi holati monitoring qilindi.
Monitoring davomida Farmon talablarining xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan ijro etilishi o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, eng qoniqarsiz ko‘rsatkich Buxoro viloyatida qayd etildi, xususan viloyatda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan jami sessiyalarning 81 foizi jonli translyatsiya qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Bu boradagi nisbatan eng yaxshi ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilib, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan jami sessiyalarining faqatgina 36 foizi jonli translyatsiya qilinmagan.
Natijalar viloyat Kengashlari kesimida tahlil qilinganda, xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi o‘rganish davridagi barcha sessiyalarni to‘liq jonli efirga uzatgan yagona viloyat Kengashi bo‘ldi. Tuman kengashlari kesimida esa Toshkent viloyatining xalq deputatlari Bekobod va Bo‘stonliq tuman Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan barcha sessiyalar to‘liq hajmda jonli efirga uzatilgan.
Shuningdek, monitoring davomida Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan bir qator Kengash sessiyalarining to‘liq bo‘lmagan shaklda qisman (bir necha daqiqagina) translyatsiya qilinish holatlari ham kuzatildi.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hududiy Kengashlarga Farmon talablaridan kelib chiqib, kelgusida o‘tkaziladigan barcha Kengash sessiyalarining jonli efirga uzatilishi lozimligi to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati