Bugun, 11 fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov boshchiligidagi ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi. Tashrifning asosiy maqsadi viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy etish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi vazifalarni muhokama qilishdan iborat.
Shu maqsadda viloyat hokimligida viloyat hokimi, sektor rahbarlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hududiy kengashi a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining boshqarma boshliqlari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik direktori A.Burxanov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv choralarni ko‘rish bilan bir qatorda normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatda jami 414 nafar turli darajadagi mansabdor shaxslar korrupsion jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Javobgarlikka tortilgan shaxslar 2020 yilda 153 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 261 nafarga yetgan.
Javobgarlikka tortilganlarning 43 nafari viloyat va 371 nafari tuman - shahar darajasidagi davlat idoralari xodimlarini tashkil etgan.
Viloyatda sodir etilgan korrupsion jinoyatlar natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 47 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
O‘rganish va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qorrupsion jinoyatlarning kelib chiqishiga bir qator soha va yo‘nalishlarda hamon inson omili yuqori darajada saqlanib qolayotganligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ta’sirchan shakllarini joriy etish sust tashkil etilganligi, samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlari mavjud emasligi sabab bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosining Farg‘ona viloyatidagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ta’minlanishiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, Farmon bilan tasdiqlangan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar Ro‘yxatining 3-bandiga muvofiq, xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, Ro‘yxatning 4-bandiga muvofiq hokimlik o‘z mansabdor shaxslarining xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi axborotlar viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga (o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi uchun) kiritilishi ta’minlanmagan.
Shu kabi kamchiliklarga xarid komissiyalarining tarkibi (Ro‘yxatning 6-bandi) va tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi bilan bir qatorda uning ijrosini (14-band) rasmiy veb-saytga joylashtirish va yangilab borishda ham yo‘l qo‘yilgan.
Tahlil davrida (2021 yil 1 dekabrdan - 2022 yil 12 yanvargacha) Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat, viloyatning tuman va shahar Kengashlari tomonidan umumiy 66 ta sessiya o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 40 tasi yoki 60 % qismi (19 ta tuman va shahar kengashi bo‘yicha) mahalliy telekanallar va Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi ta’minlanmagan.
Ushbu ko‘rsatkich viloyatni sessiyalar jonli efirga eng ko‘p uzatilmagan sakkizta viloyat qatoridan joy olishiga sabab bo‘lgan. Jonli efirga uzatilmagan mahalliy Kengash sessiyalari 5 tadan Quvasoy va Uchko‘prik, 4 tadan Furqat, Yozyovon, Dang‘ara, Beshariq, 3 tadan O‘zbekiston, Toshloq, So‘x, Rishton, Qo‘shtepa, 2 tadan Quva va Oltiariq, 1 ta Farg‘ona tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Yig‘ilishda shu kabi bir qator jiddiy nuqson va kamchiliklar tanqid qilinib, barcha tuman va shahar hokimliklari sohadagi faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi va ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlikni ta’minlash borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Jumladan, Farg‘ona viloyatida “Ochiq, shaffof va hisobdor hudud” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Aytish joiz, mazkur loyiha Agentlikning yangi tashabbusi bo‘lib, u orqali viloyatda ochiqlikni ta’minlash sohasidagi milliy qonunchilik, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasi va xalqaro standartlar talablarini amalda ta’minlash maqsad qilingan.
Kunning ikkinchi yarmida tashkil etilgan seminarda Agentlikning Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda viloyat Kengashi huzurida tashkil etilgan Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zolari ishtirokida viloyatda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlanishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring mobaynida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusida ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati