Bugun, 15 fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishchi guruhi Buxoro viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy etish, xususan, sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda istiqboldagi vazifalarni belgilab olish maqsadida mazkur viloyatga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida dastlab viloyat hokimligida Buxoro viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining yig‘ilishi tashkil etildi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi, viloyat hokimi, viloyat prokurori, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hududiy kengashi a’zolari, sektor rahbarlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining boshqarma boshliqlari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Agentlik direktori A.Burxanov mamlakatimizda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, u o‘z ma’ruzasida davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilganini alohida qayd etdi.
Ta’kidlandiki, 2021 yilda barcha hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarining samaradorligini oshirish, hududiy davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tashkil etildi. “Korrupsiyasiz soha” loyihasining viloyatdagi ijrosi yuzasidan monitoring tashkil qilish ham Kengashning asosiy vazifasi etib belgilangan.
Mazkur yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, tizimda uchrayotgan korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i hamda viloyat prokurorining axboroti tinglandi.
Ma’lumot berilishicha, viloyatda korrupsiyaga oid sodir etilgan aksariyat jinoyatlar xodimlarni ishga olish, moliyaviy talon-torojliklar, yer maydonlaridan foydalanish, vakansiyalarni berkitish, shtat birliklarini noto‘g‘ri taqsimlash kabi holatlar bilan bog‘liq.
Xususan, tibbiyot sohasida ishga olishga mas’ul shaxslarning lavozimida 5 yil va undan ortiq muddatda ishlab kelayotgani ishga joylashishda korrupsion holatlarni vujudga keltiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Viloyatda so‘nggi ikki yilda vakolatli tashkilotlar tomonidan tizimda bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish bilan bog‘liq 33 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, aybdor mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarlik masalasi hal etilgan. Qolaversa, axborot kommunikatsiya yutuqlaridan foydalanib, inson omilini cheklagan holda tibbiyot muassasalarida shaffof ishga olish tizimi tashkil etilmagan.
Eshituv so‘ngida shu kabi bir qator jiddiy nuqson va kamchiliklar tanqid qilinib, kelgusida ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu borada viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi faolligini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash va boshqa masalalarda inson omilini kamaytirish, qarorlar qabul qilinishida qonuniylikka rioya etish va barcha jarayonlar ustidan prokuror nazoratini kuchaytirish singari masalalar ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar qatoridan joy oldi.
Bundan tashqari, shu kabi tahliliy, tanqidiy yig‘ilishlarni, rahbarlar eshituvini davlat xaridlari, qurilish, davlat xizmatiga ishga olish, yer ajratish, maktabgacha ta’lim va boshqa sohalar miqyosida har chorakda kamida ikki marta tashkil etib borish, davlat xizmatchilari uchun ushbu yo‘nalishda tizimli maxsus seminarlar, o‘quv dasturlar tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng Agentlik ishchi guruhi a’zolari sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosini o‘rganish maqsadida Buxoro viloyati endokrinologiya dispanserida bo‘lishdi. Markazda korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, muassasaning videokuzatuv moslamalari, targ‘ibot vositalari, shuningdek, dori-darmonlar bilan ta’minlanganlik holati, pullik xizmat ko‘rsatish tartibi kabi masalalar o‘rganildi. Kamchiliklar aniqlanib, tibbiyot sohasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati