Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–46-son Farmonida bu borada aniq vazifalar belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, yurtimizni ekologik tahdidlarning salbiy ta’siridan himoya qilish maqsadida barcha hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga faol hissa qo‘shish maqsadida joriy yilning 19 fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tadbir o‘tkazildi. Unda Agentlik rahbariyati va barcha xodimlari manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekib, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdilar.
Agentlik jamoasi ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish kabi xayrli ishlarda o‘z ishtirokini faol davom ettirishni maqsad qilgan. Jumladan, bu yilgi bahor mavsumida Agentlik binosi hududini mevali hamda manzarali daraxt va buta ko‘chatlari bilan boyitish ham rejalashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati