Ayni paytda Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi joriy yilning 20-aprel kuni Massachusets Oliy sudida boʻldi.
Sudya Devid Loui bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat sudlarining oʻrni va ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.
D.Loui AQSH sudlari tomonidan korrupsiyaga qarshi qarshi kurashish borasidagi faoliyati xususida soʻzlab berdi. Uning taʼkidlashicha, Massachusets shtatining sud tizimi Qoʻshma Shtatlardagi eng yirik sudlardan biri boʻlib, korrupsiya bilan bogʻliq ishlarni fosh etishda katta amaliy tajribaga ega. Bu borada sudning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etayotganiga toʻxtalib oʻtdi.
Oʻzbekistonda sudyalar mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur oʻrganish va tahlil qilish borasida olib borilayotgan islohotlar ham oʻzaro muloqotning muhim mavzusi boʻldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sud tizimining mustaqilligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirish, tizimda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishga va hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Delegatsiya aʼzolarining navbatdagi uchrashuvi joriy yilning 21 aprel kuni AQSH federal sudyasi Mark Vulf bilan tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: 2016-yilda sudya Volf hamda sudya Richard Goldstoun va ularning hamkasblari “kleptokratiya” nomi bilan tanilgan yirik korrupsiyaga qarshi kurashish uchun Integrity Initiatives International (III) – Xalqaro halollik tashabbuslari (XHT) tashkilotini tashkil qilishgan.
Taʼkidlanishicha, ushbu tashkilot missiyasi korrupsioner va inson huquqlarini muntazam ravishda buzadigan rahbarlarni jazolash, bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun jinoyat qonunlariga rioya qilinishini kuchaytirish va ularni oʻzini fuqarolarga xizmat qilishga bagʻishlagan rahbarlar bilan almashtirishdek demokratik jarayonlarga qaratilgan imkoniyatlar yaratishdir.
Muloqot yakunida korrupsiyaga oid jinoyat ishlarini hal etishning samarali mexanizmlari, shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar tahlilini olib borish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, bu borada hamkorlikda dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati