Delegatsiya aʼzolari AQSH Federal tergov byurosining Boston shahrida joylashgan ofisida Byuroning maxsus vakillari Entoni M.Sankey hamda Metyu F.Giakobbi bilan uchrashdilar.
Maʼlumot uchun: Entoni M.Sankey Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari boʻyicha guruhni boshqaradi va AQSHning toʻrtta shtatida korrupsiya, fuqarolik huquqlari va firibgarlik dasturi bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha dastur muvofiqlashtiruvchisi hisoblanadi.
Metyu F.Giakobbi Qoʻshma Shtatlar shimoli-sharqidagi toʻrtta shtatdagi korrupsiya, fuqarolik huquqlari, sogʻliqni saqlash sohasidagi firibgarlik, murakkab moliyaviy jinoyatlar va qimmatli qogʻozlar firibgarligi boʻyicha ishlar bilan shugʻullanadi.
Maʼlumki, Federal tergov byurosi AQSHda korrupsiya jinoyatlarini tergov qiluvchi asosiy organ hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, oʻzaro muloqotda korrupsiyaga oid ishlarning olib borilishi, davlat xaridlari, shartnomalar va federal moliyaviy dasturlar bilan bogʻliq firibgarlik holatlari, bu jarayonda qoʻllaniladigan raqamli vositalar xususida oʻzaro fikr almashildi.
Muloqot yakunida AQSH Davlat Departamenti koʻmagida Federal tergov byurosi vakillarining Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari uchun maxsus trening dasturlarini tashkil etish choralarini koʻrishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati