Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har oyda korrupsiyaga oid islohotlar natijadorligi va aholining korrupsiyaga murosasizligini baholashga qaratilgan reyting baholash ishlari olib borilmoqda.
Ushbu reyting baholash ishlari natijalariga koʼra, Аndijon viloyatida barcha koʼrsatkichlarda salbiy tendentsiya kuzatilmoqda.
Masalan, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish boʼyicha viloyat oʼtgan 3 oyda eng yuqori oʼrinlarni egallab turibdi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya boʼyicha eng koʼp murojaat qiladigan hududlar ichida Respublikada 1-oʼrinni band etmoqda.
Ushbu raqamlar koʼrsatib turibdiki, Аndijon viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini tubdan qayta koʼrib chiqish kerak.
Аndijon viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashining kuni-kecha boʼlib oʼtgan navbatdagi yigʼilishida shu haqda soʼz bordi.
Yigʼilishda, ayniqsa, viloyat, shahar va tuman hokimliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining bugungi kundagi holatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tahlillarga koʼra, 2021 yilda 22 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. Ular oʼzlashtirish, firibgarlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish hamda pora olish kabi jinoyatlarni sodir qilgan.
Mazkur jinoyatlarga qoʼl urganlarning 4 nafari viloyat hokimligi, 18 nafari tuman va shahar hokimliklarining xodimlari hisoblanadi.
Yigʼilishda bu kabi raqamlar Davlat rahbari boshchiligidagi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarga soya solib, xalq ishonchiga putur yetkazayotgani qayd etildi. Ushbu jinoyatlarning chiqish sabablari, hozir va kelgusida ularning oldini olish uchun koʼriladigan choralar toʼgʼrisida esa viloyat prokurori, masʼul hokim oʼrinbosari axborot berdi.
Muloqotlar davomida viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashi oʼz zimmasidagi vazifalarni samarali bajara olmayotgani ham tanqid qilindi.
Taʼkidlandiki, 2021 yil yakunlari boʼyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga koʼra, Аndijon viloyati 9-oʼrinni egallagani ham shundan dalolat berib turibdi.
- Bir oydan soʼng 2022 yilning birinchi yarim yilligi boʼyicha hududlar xuddi shunday baholanadi va barcha natijalar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinib, Milliy kengash yigʼilishida muhokama qilinadi. Lekin bu davrda ham viloyat hududiy Kengashi tomonidan ijobiy natija koʼrsatish uchun arzirli amaliy ish yoki tashabbusni koʼrmayapmiz. Kengash aʼzolari korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aʼzo sifatidagi masʼuliyatni qanchalik his qilmoqda, viloyatda, oʼz tizimida korrupsiyani kamaytirish uchun qay darajada harakat qilmoqda – bu kabi savollarni Kengashning har bir aʼzosi oʼziga qayta va qayta berishi kerak, deb oʼylayman, - dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʼrinbosari U.Tuxtasheva.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan kelgusida viloyatda korrupsiyaning oldini olish ishlarini takomillashtirish yuzasidan maqsad va vazifalar belgilab olindi. Xususan, Kengash faoliyati samaradorligini yanada oshirishda eʼtibor qaratilishi va hal etilishi lozim boʼlgan jihatlar atroflicha muhokama etilib, Kengash aʼzolari masʼuliyatini oshirish boʼyicha aniq choralar koʼrishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Аxborot xizmati