Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining joriy yil 14-iyun kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida bank tizimida uchrayotgan korrupsion holatlar, shuningdek, sohada korrupsiyaning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, birgina Toshkent shahrida 2021-yilda banklar va ularning filiallarida faoliyat yuritgan 12 nafar shaxsga nisbatan 10 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan.
Ular tomonidan oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-taroj qilish, firibgarlik, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, hokimiyat harakatsizligi kabi jinoyatlar sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarga qoʻl urganlarning 2 nafari shahar va 10 nafari tuman darajasidagi bank tizimi xodimlari hisoblanadi.
Yigʻilishda mavzu yuzasidan prokuror va boshqa masʼullarning axboroti tinglanib, bu kabi qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish choralari xususida fikr almashildi.
Muhokamalar jarayonida Hududiy kengash faoliyati ham tanqidiy koʻrib chiqilib, Toshkent shahrida korrupsiya holatlarini oldini olish borasidagi faoliyati qoniqarli emasligi qayd etildi.
Xususan, Toshkent shahrida 2020-yil davomida 59 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2021-yilda bu raqam 184 tani tashkil etgan.
Toshkent shahrida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2021-yilda 82 mlrd. 638 mln. soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, poytaxt korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish koʻrsatkichi boʻyicha oʻtgan 3 oyda (fevral-aprel) respublikada eng yuqori oʻrinlarda turgani, xususan, fevral oyida 37 ta, mart oyida 50 ta, aprel oyida esa 69 ta korrpsiyaga oid jinoyat ishlari sudlarga yuborilgan.
Muloqotlar jarayonida byudjet mablagʻlaridan noqonuniy foydalanish holatlari, korrupsiya tarqalganligi boʻyicha jamoatchilik fikri, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash yoʻnalishlaridagi natijalar ham tanqidiy muhokama etildi.
Ishtirokchilar tomonidan bu kabi salbiy holatlar Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, bunda har bir boshqarma va idoralar oʻz ishini tanqidiy koʻrib chiqishi maqsadga muvofiq ekanligiga alohida urgʻu berildi.
Xususan, Kengash oʻz faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini oʻtkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga aholini keng jalb etish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi bildirildi.
Eshituv yakunida Kengash aʼzolari masʼuliyatini oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrish, shuningdek, bank tizimini korrupsiyadan xoli qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, asosiy vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati