Mahalliy davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi darajasini qanday baholaysiz? Ularning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oʻz faoliyatiga oid maʼlumotlarni joylashtirish sifati va tezkorligidan qoniqasizmi?
Ayni kunlarda Fargʻona viloyatining bir necha shahar, tuman va qishloqlari aholisi oʻrtasida shu kabi muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikri soʻrovi oʻtkazilmoqda.
Viloyatda mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari faoliyati ochiqligi darajasini oʻrganishga qaratilgan ushbu soʻrov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Ochiq, shaffof va hisobdor hudud” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.
Aytish joiz, mazkur loyiha asosida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarining ijro etilishini namunali yoʻlga qoʻyish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiq va shaffofligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish uchun sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Shu maqsadda “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan boʻlib, unda viloyat, tuman va shahar hokimliklari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari faoliyati ochiqligi va shaffofligining dastlabki holatini aniqlash boʻyicha hudud aholisi oʻrtasida jamoatchilik fikrini oʻrganish koʻzda tutilgan.
Shunga koʻra, tashkil etilgan ushbu soʻrovnomada aholining turli qatlamlarini qamrab olish maqsadida tadbirkorlar, davlat xizmachilari, talabalar, fuqarolar (anonim tarzda) hamda jurnalist va blogerlardan iborat fokus guruhlar oʻrtasida oʻtkazilmoqda.
Soʻrov “Yuksalish” umummilliy harakati hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochikliqni taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi koʻmagida amalga oshirilmoqda. Soʻrovnomada mahalliy deputatlar ham ishtirok etmoqda.
Soʻrovnoma yakunlari boʻyicha olingan maʼlumotlar tahlil qilinib, ulardan Fargʻona viloyatini shaffof va hisobdor hududga aylantirish, xususan, viloyatdagi davlat organlari faoliyatining ochiqligini yanada yaxshilashda foydalanish rejalashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati