Soʻnggi vaqtlarda tuman (shahar) hokimlarining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha yordamchilari orasida korrupsiyaviy holatlarning sodir etilayotganligi turli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 19-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham joylardagi ayrim hokim yordamchilari kredit, subsidiya, yer ajratish masalasida taʼmagirlik qilayotgani tanqid qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, 2022-yilning yanvar-may oylarida hokim yordamchilari tomonidan 14 ta jinoyat sodir etilgani maʼlum boʻldi. Mazkur jinoyatlarning asosiy qismini poraxoʻrlik, mansabdorlik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etadi.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Agentlik tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda hududlar kesimida hokim yordamchilarini korrupsiyaga qarshi kurash va halollik boʻyicha maxsus kurslarda oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shunga muvofiq, joriy yilning 20-iyun sanasidan eʼtiboran mamlakatimiz hududlarida “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni va unga qarshi kurashish boʻyicha ijobiy xulqni shakllantirish” mavzusidagi seminar mashgʻulotlari boshlandi.
Unda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlari hamda hokim yordamchilari ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbirning dastlabkisi kuni kecha Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida boʻlib oʻtdi. Bugun esa Qashqadaryo viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida davom etmoqda.
Seminar mashgʻulotlarida Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yoʻnalishlari hamda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalalari yuzasidan batafsil maʼlumot berilmoqda.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrrupsiyaning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati, davlat xizmatchilarining mol mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, manfaatlar toʻqnashuvini samarali boshqarish yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek, korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklar va ular uchun belgilangan javobgarlik masalalari hamda hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar tahlil qilinmoqda. Bu borada hokim yordamchilari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni vujudga kelish sabablari hamda shart-sharoitlari, ularni bartaraf etish usullariga alohida urgʻu berilmoqda.
Seminarlar joriy yilning 1-iyul sanasiga qadar mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlib oʻtadi.
Seminarlar yakuni boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan poraxoʻrlik, mansabdorlik, firibgarlik va boshqa korrrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar, ularning yechimi atroflicha tahlil qilinadi. Bu borada hokim yordamchilarining ham fikr-mulohaza va takliflari umumlashtirilib, tegishli tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati