Joriy yilning 5-iyul kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-son Farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi zimmasiga har yili ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida milliy maʼruzani tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida joriy yilda Agentlik tomonidan ilk (4 ta bob, xulosa, taklif va tavsiyalar qismidan iborat) Milliy maʼruza tayyorlanib, Oliy Majlis palatalariga tegishli tartibda koʻrib chiqish uchun kiritildi.
Milliy maʼruza keng jamoatchilik, xususan, davlat organlari vakillari, mustaqil ekspertlar, jamoat faollari, olimlar va fuqarolarimiz uchun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar boʻyicha kompleks maʼlumot berishga moʻljallangan.
Unda 2021-yilda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida koʻrilgan preventiv choralar, xususan, davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV tomonidan korrupsiyaning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar taqdim etilgan.
Taʼkidlanganidek, 2021-yilda ilgʻor xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqacha tarzda koʻmaklashgan shaxslarni himoya qilish va ragʻbatlantirish mexanizmi joriy etildi. Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
“Korrupsiyadan holi qonunchilik” tamoyili asosida qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tartibi joriy etilib, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi belgilandi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalar va tarmoqlarda “Korrupsiyasiz soha” va “Korrupsiyasiz hudud” kabi loyihalar kapital qurilish, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat xaridlari tizimlarida amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, 2022-yilning 1-yanvardan boshlab, barcha davlat xaridlarini majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazilishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik 33 turdagi maʼlumotlarning roʻyxati tasdiqlandi.
Yigʻilishda shu kabi tizimli islohotlarga qaramay, korrupsiya muammosi mamlakatimizda hamon dolzarbligicha qolayotganiga alohida urgʻu berildi.
Statistik hisobotlarga koʻra, 2020-yilda Respublika boʻyicha 1 148 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlari sudga yuborilgan boʻlsa, 2021-yilda bu raqam 3 769 tani tashkil etgan. Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2021-yilda 1 trln 282 mlrd soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan.
Qayd etildiki, bu kabi salbiy holatlar korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida hal etilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar hali koʻp ekanligidan dalolat beradi.
Shu nuqtai nazardan Agentlik tomonidan Milliy maʼruzada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish boʻyicha bir qator takliflar ilgari surilmoqda. Yigʻilishda mazkur takliflar, ularning ahamiyati va istiqboldagi samarasi atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar Agentlik tomonidan atroflicha oʻrganilib, Milliy maʼruzani yanada takomillashtirgan holda Oliy Majlis palatalari yalpi majlisiga kiritish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etish choralari koʻriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati