Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-54-son Qarori hamda “Har bir oila tadbirkor” dasturiga asosan kreditlarning ajratilishi ahvoli yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.
Oʻrganish natijasida mazkur yoʻnalishdagi kreditlar maqsadsiz ishlatilayotganligi, ta’minotchi korxonalar tomonidan koʻzda tutilgan tovar va ashyolar fuqarolarga yetkazib berilmaganligi holatlari aniqlandi.
Jumladan, 3 ta tijorat banki (Xalq bank, Agrobank, Mikrokredit bank) mijozlariga 2022-yil 1 choragida ajratilgan kredit mablagʻlari hisobidan 15 ta ta’minotchiga 392 nafar mijoz boʻyicha 11 mlrd. 548 mln. soʻm oʻtkazib berganligi, ammo, ushbu kredit yoʻnalishi boʻyicha yetkazib berilgan tovarlar boʻyicha ta’minotchilarning kirim hujjatlari mavjud emasligi, ya’ni ajratilgan kreditlar maqsadsiz yoʻnaltirilganligi ma’lum boʻldi.
Misol uchun, AT Mikrokreditbank Beshkent filiali tomonidan fuqaro M.E.ga ajratilgan 33 mln.soʻm kredit mablagʻiga 60 dona quyon, fuqaro Gʻ.B.ga baliqchilik uchun ajratilgan 33 mln.soʻmlik kredit mablagʻiga baliq chovoqlari yetkazib berilmay, kredit mablagʻlari maqsadsiz ishlatilgan.
Shuningdek, “S.T.G.” MCHJga 3 ta bank orqali 48 nafar fuqaroga ajratilgan 1 mlrd. 412 mln. soʻm kredit mablagʻlari asalari, parranda, motokultivator, chorva qoʻyi, tikuv mashinasi, kompyuter sotib olish uchun oʻtkazib berilgan boʻlsa-da, ushbu tovarlar sotib olinmasdan kredit mablagʻlari boshqa maqsadlar uchun yoʻnaltirilganligi aniqlandi.
Agentlik tomonidan tekshirishda toʻplangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan boʻlib, Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 5 ta ta’minotchining rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167, 184, 189, 209, 228-moddalarining tegishli bandlarida nazarda tutilgan qonunbuzilishlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Shuningdek, qolgan 10 ta ta’minotchi va boshqalarga nisbatan tayyorlangan materiallar yuzasidan bugungi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati