Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga kirish uchun ijodiy (kasbiy) imtihonlarning qay darajada ochiq, shaffof tashkil etilayotgani va ularning Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi holatini oʻrganishni davom ettirdi.
Bu galgi manzil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi boʻldi.
Har ikki oliy ta’lim muassasasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni talablariga muvofiq, ijodiy imtihonlarning shaffofligini ta’minlash, sinov jarayonlarida korrupsion xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan tashkiliy ishlar amalga oshirilganligi guvohi boʻlindi.
Xususan, sinov jarayonlari barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan imtihon.edu.uz veb-platformasi orqali real vaqt rejimida translyatsiya qilinishi ta’minlanmoqda.
Imtihonlar oʻtkaziladigan bino va xonalarda 24 soat uzluksiz ishlaydigan veb-kamera kuzatuvi yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, bunday hududlar yaqinida ota-onalar uchun kutish maydoni tashkil etilgan boʻlib, ular maydonga oʻrnatilgan monitorlar orqali imtihon jarayonini kuzatib borish imkoniga ega boʻlmoqda.
Ijodiy imtihonlarning shaffof, ochiq va adolatli oʻtishini ta’minlash uchun keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham nazoratchi sifatida jalb etilgan.
Eslatib oʻtamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2022/2023 oʻquv yili uchun oʻtkaziladigan imtihon jarayonlarining ochiq va shaffof tashkil etilishi, test va ijodiy imtihonlarning Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi sifatini monitoring qilib boradi.
Agar imtihon jarayonlarida korrupsiyaviy holatlar yoki Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibiga rioya etilmaslik holatlariga duch kelsangiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “1253” Call-markazi, shuningdek, Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligining Telegramdagi @EduAntiCorruptionBot yoki "Ishonch telefoni" (1006) orqali xabar berishingizni soʻraymiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati