Ma’lumki, sport - mehnat jamoasini yanada birlashtiruvchi, yanada quvvatlantiruvchi muhim vositalardan biri hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari oʻrtasida Agentlik direktorining sovrini uchun oʻtkazilgan sport musobaqalari ham buni yaqqol isbotladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va jamoaviy ruhni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur sport tadbirida Agentlik jamoasi sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi turlari boʻyicha oʻzaro bahs olib bordi.

Gʻalabaga ishtiyoq, oʻz kuchiga ishonch va yengilmas iroda bilan intilish murosasiz va qiziqarli musobaqalarning har birida yaqqol sezilib turdi.
Xususan, mini futbol musobaqasida “Burgutlar” jamoasi mutlaq gʻalaba qozondi. 2-oʻrinni “Liderlar”, 3-oʻrinni esa “Lochinlar” jamoasi band etdi.

Voleybol musobaqasida ham “Burgutlar” jamoasining qoʻli baland keldi. “Lochinlar” jamoasiga bu gal 2-oʻrin nasib etdi, “Аnticor ladies” ushbu bahsda 3-oʻrin sohibi boʻldi.
Stol tennisi musobaqasi asosan Agentlik ayollarining faolligi ostida kechdi. Faxrli 1-oʻrinni A.Smailova qoʻlga kiritdi, 2-oʻrinni N.Samandarova, 3-oʻrinni esa A.Isamuhammedov egalladi.

Gʻoliblar musobaqa mezonlaridan kelib chiqib oʻz ishtiroki, erishgan natijasiga koʻra munosib taqdirlandi.
Muhimi, mazkur sport musobaqalari orqali jamoada oʻzaro sogʻlom raqobat va adolatli muhit yanada kuchaytirildi, ahillik va jipslik mustahkamlandi.
Agentlik jamoasi uchun asosiy natija va eng katta gʻalaba shu aslida.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati