Bugun “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” doirasida boʻlib oʻtgan “Davlat boshqaruv organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi, korrupsiya hamda byurokratik toʻsiqlar” masalalari yuzasidan panel sessiyasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov ishtirok etdi.
Sessiyada Agentlik direktori mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan byurokratiya va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar, yashirin iqtisodiyot koʻlamini qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda iqtisodiy islohotlarga hamohang ravishda korrupsiyaning oldini olish yoʻnalishida ham muhim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, davlat xizmatlarini koʻrsatishda ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 450 dan ortiq qonun hujjatida belgilangan 18 turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilinib, ushbu hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan “Elektron hukumat” platformasi orqali olish tartibi joriy etildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 2021-yilda 166 taga yetkazildi.
Yer ajratish bilan bogʻliq barcha istisno va imtiyozlar tugatildi, hokim qarori asosida yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri va tekinga berish amaliyoti butunlay bekor qilindi. Yerlarni faqat auksion orqali sotilishi belgilandi. Tadbirkorlik sohasida 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan 117 tadan ortiq respublika darajasidagi davlat va xoʻjalik tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
A.Burxanov oʻz nutqida shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish, sohaga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, banklarda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan boshqa koʻplab oʻzgarishlarga ham toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, qurilish sohasida byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish va shaffoflikni taʼminlash maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishlab chiqilib, 2021-yil 1-yanvardan respublikaning barcha hududlarida real vaqt rejimida toʻliq ishga tushirildi.
BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi yuzasidan “Oʻzbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish” Xartiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Mazkur Xartiya tadbirkorlik subyektining moliyaviy faoliyatini boshqarish, shartnoma munosabatlari, kadrlarni tanlash va oʻqitish, ichki intizom va qonuniylikni mustahkamlash, davlat xaridlari kabi muhim yoʻnalishlarda korrupsiya xavflarining oldini olishga qaratilgan kompleks choralarni oʻz ichiga olgan. Bugungi kunda 189 nafar tadbirkorlik subyektlari Xartiyaga aʼzo boʻlib, qonuniy faoliyatini yuritib kelmoqda.
Davlat boshqaruvi organlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, tadbirkorlarni huquq va erkinliklarini taʼminlash, faoliyatida korrupsiyaviy omillarga duch kelganda amaliy yordamlar koʻrsatish yuzasidan Agentlik bilan Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolangan.
Sessiyada tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatida duch kelayotgan toʻsiqlar va korrupsion holatlar yuzasidan tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, muammolarning yechimi boʻyicha tegishli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Oʻrganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar boʻyicha tadbirkorlardan tegishli tartibda ariza va shikoyatlar qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati