Joriy yilning 23-sentyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida “II Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” boʻlib oʻtdi.
Forum BMT GJB, YXHT, Jahon Banki va “Mintaqaviy muloqot” XNT koʻmagida tashkil etildi.
Unda AQSH, Koreya, Gonkong, Malayziya, Latviya, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha organlari vakillari, shuningdek, xorijiy ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi - korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va saʼy harakatlarni keng jamoatchilikka, shu jumladan xalqaro hamjamiyatga yetkazish, bu borada istiqboldagi vazifalarni belgilab olish va eng muhimi korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻlgan ham mahalliy hamda xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro tajriba almashish va bu borada xalqaro hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishdan iborat.
Forum oʻz ishini yalpi majlis bilan boshladi, shundan soʻng jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, korrupsiyaga qarshi kurashishda taʼlim va maʼrifatni kuchaytirish mexanizmlari muhokamalariga bagʻishlangan uchta sessiyada oʻzaro muloqotlar davom ettirildi.
Xususan, Forumning birinchi muhokamalar sessiyasi “Ochiqlik va oshkoralik korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmi sifatida” mavzusida boʻlib oʻtdi.
Unda Koreya va Ozarbayjon mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli tashkilot va idoralari rahbarlari va vakillari, YXHT, Mintaqaviy muloqot nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashning samarali mexanizmlarini yaratish, ochiq maʼlumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash singari yoʻnalishlarda maʼlumotlar taqdim etildi.
“Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni samarali baholashni shakllantirish” mavzusidagi navbatdagi sessiyasi doirasida milliy va xalqaro ishtirokchilar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash metodologiyasi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash usullari va ularning korrupsiyaning oldini olish va yaxlitlik tizimini saqlashdagi ahamiyati bilan tanishtirildi.
Shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va minimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu sessiyada Malayziya, Gonkong, Finlyandiya kabi mamlakatlarning vakillari va Jahon banki, BMT TD va Yevropa Kengashi ekspertlari ishtirokchilarni bu boradagi xorijiy tajriba bilan tanishtirib oʻtdi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashishda taʼlimning oʻrni” mavzusidagi muhokama sessiyasida korrupsiyaga qarshi taʼlim sohasida ilgʻor tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi taʼlimning zamonaviy mexanizm va vositalarini oʻrganish, qolaversa, davlat xizmatchilari va aholini korrupsiyaga qarshi oʻqitish boʻyicha chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Unda BMT TD, BMT GJB, Jahon banki, IACA xalqaro aksilkorrupsiya akademiyasi ekspertlari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Bundan tashqari, sessiya davomida korrupsiyaga qarshi kurashishdagi taʼlimning oʻrni, ushbu sohada Oʻzbekistondagi olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar xususida soʻz yuritildi.
Forumning yana bir diqqatga sazovor jihati uning doirasida Agentlik tomonidan soha rivojiga oʻz hissasini qoʻshayotgan bir qator tashkilot va shaxslar eʼtirof etilishi boʻldi. Jumladan:
Forum xalqaro va xorijiy amaliyot, ilgʻor tajribalar misolida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralarning mohiyati va ahamiyatini, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etish imkonini berdi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ochiq muloqot, qizgʻin muhokama va oʻzaro tajriba almashishda oʻziga xos platforma boʻldi.
Forum yakunida amaldagi korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish siyosatini yanada takomillashtirish, ayni yoʻnalishdagi chora-tadbirlar natijadorligini baholash va sifatini oshirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha taklif-tavsiyalar tayyorlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati