Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Sirdaryo viloyatida oʼtkazilgan oʼrganishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 3 ta (Аgrobank , Xalq bank, Mikrokreditbank) tijorat banki tomonidan 2022 yil 9 oyida ajratilgan kredit mablagʼlari hisobidan 19 ta taʼminotchiga 642 ta mijoz boʼyicha 16,6 mlrd.soʼm oʼtkazib berilganligi, haqiqatda taʼminotchilarda ushbu kredit yoʼnalishi boʼyicha yetkazib berilgan tovarlar kirim hujjatlari mavjud emasligi, yaʼni ajratilgan kreditlar maqsadsiz yoʼnaltirilganligi aniqlangan.
Oʼrganish natijasi boʼyicha toʼplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Аgentlik tomonidan Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasi boʼyicha 642 nafar fuqaroga ajratilgan va 19 ta taʼminotchiga oʼtkazilgan juda koʼp miqdordagi 16,6 mlrd.soʼm kredit mablagʼlari evaziga mahsulot yetkazib berilmasdan naqdlashtirib, maqsadsiz ishlatish yoʼli bilan talon-toroj qilinganligi holatlari aniqlanib, 2023-yil 14-yanvar kuni hokim yordamchilari va 19 ta taʼminotchi hamda “Аgro bank”АTB, АT “Xalq bank”, “Mikrokredit bank” АTB tuman-shahar filiallari mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (oʼzlashtirish yoki rastrata yoʼli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati