Agentlik tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminarida davlat organlari va tashkilotlarining 160 dan ortiq xodimlari ishtirok etdi. Seminar davomida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari hamda tashkilotlar tomonidan e-anticor.uz elektron platformasiga maʼlumotlarni kiritishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi.
Seminar dasturiga ko‘ra korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari bo‘yicha faoliyati “yaxshi” deb topilgan O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banklarining mutaxassislari ushbu tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ijobiy tajribalari haqida maʼruzalar bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, seminarda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti (Sloveniya) eksperti Kventin Rid “Korrupsiya xavf-xatarlarini baholash tushunchasi va qo‘llanilishi” mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.
Bundan tashqari, Agentlik mutaxassiclari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari, ularning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida korrupsiya xavf-xatarlarini baholash natijalari haqida maʼlumot berilib, tashkilotlardagi korrupsion xavf-xatarlarni baholash, ular haqidagi maʼlumotlarni e-anticor.uz elektron platformasiga kiritishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga Agentlik mutaxassislari va xalqaro ekspert tomonidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati