O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi Xitoyning Nazorat bo‘yicha Milliy Komissiyasi taklifiga binoan 17-18-oktabr kunlari Pekin shahrida tashkil etilgan “Bir makon – bir yo‘l” Forumida ishtirok etdi va “Toza Ipak yo‘li” mavzusiga bag‘ishlangan forum sessiyasida Agentlik direktori A.Burxanov nutq so‘zladi.
Mazkur sessiyada “Toza ipak yo‘li”ni yaratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi hamda u hozirgi va kelajak avlodlar ehtiyojlarini qondira oladigan innovatsion va barqaror loyihalar namunasiga aylanishi mumkinligi taʼkidlab o‘tildi. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faol hamkorlik qilish, ishtirokchi davlatlar bilan tajriba almashish muhim ekanligi qayd etildi.
Shu bilan bir qatorda, forumda ishtirok etgan 30 dan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan O‘zbekistonning ijobiy va aniq istiqbollarga ega munosabatlari, qolaversa, Ipak yo‘li, uning Sharq va G‘arbni bog‘lashdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, forum doirasida BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Fatxi Vali bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etilib, joriy yilning 2-noyabr kuni Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Mintaqaviy platformaning ishga tushirilishi masalalari muhokama qilindi.
Safar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi xorijiy va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Xitoy Nazorat bo‘yicha Milliy Komissiyasi raisi o‘rinbosari — Fu Kuy, BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Janubiy-Sharqiy Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha mintaqaviy vakili — Djeremi Duglas, Afrika ittifoqi korrupsiyaga qarshi parlamentariylarining raisi — Shakil Shabbir Axmed, Malayziya korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi Bosh komissari — Tan Sri Dato Sri Aʼzam bin Baki, Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari — Asxat Djumagali va boshqa xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashishi idoralari rahbarlari bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati