2020-yil dekabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bojxona qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolagan. Shundan buyon Qo‘mita bilan bojxona tizimida korrupsiyaga oid jinoyatchilikka sabab bo‘layotgan omillarni bataraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xodimlar ish samaradorligini oshirish borasida birgalikda ish olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun: 2022-yil yakuni bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi reytingida Qo‘mitaning faoliyati “yaxshi” (87 ball) deb baholandi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-apreldagi bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmoni esa bojxona organlarini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish borasida istiqboldagi yangi vazifa va rejalarni belgilab berdi.
Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati va xodimlari bojxona organlaridagi raqamlashtirish ishlarining ijobiy natijalari sifatida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu majmuada Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari faoliyati tashkil etilgan.
Xususan, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu aloqa kanallari tezligini oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini qisqartirish imkonini bermoqda. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.
Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limi jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning maʼlumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.
Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti 3D-skaner, rentgen, videokuzatuv, server, transport tarozisi kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, axborot tizimi orqali boshqarish va maʼlumotlarni onlayn rejimda tahlil qilib borish imkonini bermoqda.
Bojxona va yuk operatsiyalarini shu kabi raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirishga, sohada ochiqlik, shaffoflikni taʼminlashga erishilmoqda.
Qo‘mita rahbariyati bilan muloqotda tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish borasidagi ishlarni yana-da takomillashtirish, bu kabi ilg‘or yutuqlarni barcha sohalarga tatbiq etish va ommalashtirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikda kelgusidagi reja va maqsadlar yuzasidan fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati