Joriy yilning 2-noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ko‘magida “Markaziy Osiyoda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha Mintaqaviy konferensiya” tashkil etildi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha masʼul davlat idoralari rahbar va xodimlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlarning yetakchi ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — Markaziy Osiyoda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining amalga oshirilishini jadallashtirish, bu borada Mintaqaviy platformani ishga tushirish masalalarini muhokama qilish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, kelgusidagi maqsad va vazifalarni belgilab olishdan iborat.
Taʼkidlanganidek, mintaqadagi barcha davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim ahamiyatidan kelib chiqib, BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari bajarilishi bo‘yicha obzorlarda, Istanbul harakat rejasida (IAP) ishtirok etib kelmoqda.
Korrupsiyaga qarshi konvensiya talablarini amalga oshirish mintaqadagi barcha davlatlar ishtirok etadigan yagona xalqaro korrupsiyaga qarshi mexanizm ekanligini hisobga olgan holda, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Markaziy Osiyoda Korrupsiyaga qarshi konvensiyani jadal amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.
Mintaqaviy platformaning maqsadi Platforma ishida ishtirok etuvchi mamlakatlar tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi qoidalarini yana-da samarali amalga oshirishga ko‘maklashish, bu borada mintaqa mamlakatlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirishdan iborat.
Platforma faoliyati korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali profilaktik chora-tadbirlar, xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish va xalqaro hamkorlik kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Platformaning o‘ziga xos vazifalari o‘zaro axborot va taʼlim almashish, bilimlarni boshqarish va mintaqada korrupsiyaga qarshi kurash siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlar uchun forum tashkil etish, hamkorlikni muvofiqlashtirishni takomillashtirishga qaratiladi.
Tadbirda dastlab BMT korrupsiyaga qarshi konvensiyasini Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha Mintaqaviy platforma Nizomi loyihasi hamda Platformaning tematik yo‘nalishlari taqdimot qilindi. Shuningdek, Platforma bo‘yicha ikki yillik harakatlar rejasi loyihasi ham ko‘rib chiqilib, ishtirokchi-davlatlar vakillari tomonidan taqdim etilgan takliflar muhokama qilindi.
Konferensiyada ishtirokchi mamlakatlarning vakillari tomonidan Platformaning maqsadlari, ish hajmi va aniq Harakatlar rejasi, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik formati va yo‘nalishlari to‘g‘risida fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Yig‘ilishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini jadal amalga oshirish uchun Toshkent shahrida Markaziy Osiyo Mintaqaviy platformasini ishga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati