Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qo‘mitasining joriy yil 1-noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda ijro etilishi holati muhokama qilindi.
Qo‘mita aʼzolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda boshqa masʼul idoralarning xodimlaridan iborat Ishchi guruh tomonidan vazirlik va uning tasarrufidagi tashkilotlarda 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida ochiqlikni taʼminlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar veb-sayt hamda ochiq maʼlumotlar portaliga (data.egov.uz) o‘z vaqtida joylashtirib borilgan.
Hisobot davrida jamoatchilikni vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor qilish maqsadida 20 ta brifing, 7 ta press-tur o‘tkazilgan.
Shu bilan birga majlisda vazirlik, uning tarkibiy va hududiy boshqarmalarida ochiqlikni taʼminlash yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, ayrim hududiy bosh boshqarmalarning rasmiy veb-saytida ijtimoiy ahamiyatga ega maʼlumotlar o‘z muddatida joylashtirmagan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy boshqarmalarida axborot xizmatlari tashkil etilmagan.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligida bugungi kun holatiga ko‘ra rasmiy veb-sayt faoliyati talab darajasida emas hamda axborot xizmatiga masʼul shaxs tayinlanmagan.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning aksariyatida faoliyatiga oid hisobotlar, xarid komissiyalarining tarkibi, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar joylashtirilmasdan kelingan.
Yig‘ilishda shu kabi kamchilik va sustkashliklar tanqidiy ko‘rib chiqilib, ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarning masʼuliyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘mita aʼzolari tomonidan ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlarni yana-da takomillashtirish, vazirlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan axborotlardan jamoatchilik doimiy xabardor bo‘lishi uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati