“Markaziy Osiyoda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha Mintaqaviy konferensiya”si doirasida Agentlik direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva Gonkong Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil komissiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi o‘qitish, ularning bu boradagi bilimlarini baholash tizimi va monitoringi kabi masalalar eʼtibor markazida bo‘ldi.
Muloqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda Agentlik tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan va amalga oshirilayotgan loyihalarda milliy va xalqaro hamkorlarning metodik, texnik va ekspertlik ko‘magi muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.
Bu borada, xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasini tashkil etishda texnik ko‘mak ko‘rsatish va yaqindan hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilarining malakasi va salohiyatini oshirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, ishga tushirilishi rejalashtirilgan Gonkong akademiyasida xodimlarni o‘qitish, qo‘shma tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati