“III Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” doirasida "Nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati shakllari" hamda “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi: turli davlatlar tajribalari”mavzularida interaktiv sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, "Nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati shakllari" mavzusidagi sessiyada nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, Agentlik huzuridagi jamoatchilik kengashi va Ekspertlar guruhi aʼzolari hamda AQSH va qozog‘istonlik xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Interaktiv sessiya davomida NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi o‘rni va roli muhokamalar markazida bo‘ldi.
Xalqaro va mahalliy NNTlar ushbu yo‘nalishda amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari, yuzaga kelgan muammolar borasida o‘zaro fikr almashishdi.
Xususan, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, Qozog‘iston Huquqiy siyosat tadqiqot markazi, “Yuksalish” UMH, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, “Istiqbolli avlod” markazi vakillarining fikrlari tinglandi.
Sessiya doirasida NNTlarning ushbu jarayonga yana-da faol jalb etish yuzasidan ham muhokamalar bo‘lib o‘tdi va ishtirokchilarning takliflari tinglandi.
“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi: turli davlatlar tajribalari” mavzusidagi interaktiv sessiya BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari, Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, mahalliy davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining xodimlari ishtirokida o‘tdi.
Unda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasining mintaqaviy vakolatxonasi ekspertlari tomonidan Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi, mol-mulklarini (aktivlarini, aksiya va obligatsiyalarini) ishonchli boshqaruvga topshirish masalalari xorijiy davlatlarning tajribasi asosida tushuntirib berildi.
Bunda davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlari, amaliyotda faoliyatni “tadbirkorlik” deb topish bo‘yicha yuzaga keladigan muammolar va ularni hal qilish masalalari misollar yordamida ochib berildi.
Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi vakili normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha Qozog‘iston tajribasi, duch kelingan muammolar, jumladan, qonun ijodkorligida yo‘l qo‘yilgan huquqiy bo‘shliqlar oqibatlari va ularni tartibga solishga qaratilgan amaliyot bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.
Muloqotlar mobaynida norma ijodkorligi faoliyatining sifatini oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini tayyorlashdagi muammo va kamchiliklar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari tomonidan “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi” normativ huquqiy hujjat loyihasiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilib, loyihadagi kamchiliklar, xususan, korrupsiyaviy omillar muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati