Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining
2021-yil 19-avgustdagi 4-sonli bayonnomasiga 2-ilova
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari to‘g‘risidagi
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari (keyingi o‘rinlarda – Hududiy kengashlar) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hududiy organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. Hududiy kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlar joylardagi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
2. Hududiy kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlariga hamda ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda – Milliy kengash) qarorlariga amal qiladi.
3. Hududiy kengash o‘z faoliyatini joylardagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
II. HUDUDIY KENGASHNING ASOSIY VAZIFALARI
4. Hududiy kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etish;
tegishli hududda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, chek qo‘yish, oqibatlari hamda imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlash;
korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash uchun tegishli hududda qilingan ishlar ijrosi haqida Milliy kengash ishchi organiga axborot taqdim etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash va Milliy kengashga kiritish.
III. HUDUDIY KENGASHNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
5. Hududiy kengash quyidagi huquqlarga ega:
- tegishli hududda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
- vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning hududiy tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolardan Hududiy kengash vakolatiga taalluqli bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
- Milliy kengashga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hududiy davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini va ma’ruzalarini eshitish;
- Hududiy kengash faoliyatining muhim masalalari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazish va takliflar tayyorlash uchun ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlari tuzish, shuningdek ushbu komissiyalar va guruhlar ishiga mutaxassislarni, bundan tashqari, agarda zarurat tug‘ilganda ilg‘or xorijiy davlatlarning malakali ekspertlarini jalb etish;
- Milliy kengash ishchi organining topshirig‘i bilan hududiy davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan strategiya va davlat dasturlari ijrosini o‘rganish;
- korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida ommaviy-axborot vositalari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlash;
- hududlarda yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish fanlarining o‘tilishini tashkil etish va uni nazorat qilib borish;
- hududlarda «Korrupsiyasiz soha» dasturini muntazam tarzda joriy etish va sohalar qamrovini kengaytirish;
- hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda «Korrupsiyaga qarshi ekspertiza» o‘tkazish tizimini ishlab chiqish va uni nazorat qilib borish;
- hududlarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonlar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi («komlayens nazorat») hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro vositalarini joriy etish ishlari bo‘yicha ma’ruzalarni tinglash;
- hududlarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohalarida zamonaviy usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borish va ularning mazkur sohadagi faoliyati bo‘yicha reytingini tuzish ishlarini kuzatish;
- korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlar loyihalari yuzasidan takliflar berish;
- hududlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi «E-Anticor.uz» elektron platformasini
va korrupsiya holatlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturni takomillashtirib borish choralarini ko‘rish;
- hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganish.
Hududiy kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
6. Hududiy kengash quyidagilarga majbur:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Milliy kengashning korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha qarorlarini ijro etish;
- fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini ishlab chiqish va takomillashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Agentlikka ma’lumotlar taqdim etish;
- joylarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hududiy dasturlar ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
- Hududiy kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazoratni va monitoringni amalga oshirish;
- Milliy kengashga har chorakda Hududiy kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berish.
Hududiy kengashning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
IV. HUDUDIY KENGASH ISHINI TASHKIL ETISH
7. Hududiy kengash tarkibi joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy kengash deputatlari, nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan shakllantiriladi hamda Milliy kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
8. Hududiy kengash o‘z faoliyatini doimiy asosda olib boradi va o‘z majlislarini zaruratga qarab, ammo yilning har choragida kamida bir marta o‘tkazadi. Hududiy kengash majlis o‘tkazishdan kamida 5 kun oldin Milliy kengashga amalga oshirilgan ishlar, shuningdek majlis kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan axborot taqdim etadi.
Hududiy kengashning majlislari, agar ularda tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan bo‘lsa, vakolatli deb hisoblanadi. Qarorlar Hududiy kengashning majlisida ishtirok etgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, Hududiy kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Hududiy kengash qarorlari hududiy kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan va kotib tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomaga Hududiy kengash a’zolari alohida fikr bildirish va uni yozma tarzda bayon etish huquqiga ega.
9. Hududiy kengashning majlislariga davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillarini taklif etish mumkin. Hududiy kengashlar majlislarida Milliy kengash a’zolari, shuningdek, Milliy kengash ishchi organi vakillari ishtirok etishi mumkin.
10. Hududiy kengash raisi:
Hududiy kengash faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Hududiy kengash majlislarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
Hududiy kengash majlislari kun tartibini tasdiqlaydi;
Hududiy kengash ish rejalarini tasdiqlaydi.
Hududiy kengash raisi o‘z o‘rnida bo‘lmaganida uning vazifasini Hududiy Kengash raisining o‘rinbosari amalga oshiradi.
11. Hududiy kengashlarning ishchi organi funksiyasini tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari kotibiyatlari bajaradi.
Ishchi organ quyidagilarni amalga oshiradi:
- Hududiy kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash;
- Hududiy kengashning har yarim yillik ish rejasini ishlab chiqish, uning ijrosini nazorat qilish, shuningdek Hududiy kengashning kundalik faoliyatini tasdiqlangan rejaga muvofiq tashkil qilish;
- vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralarning hududiy tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Davlat dasturining ijrosi yuzasidan monitoringni amalga oshirish
va nazorat qilish, shuningdek Milliy kengash va Hududiy kengashlar qabul qilgan qarorlar bo‘yicha axborotlarni jamlash va umumlashtirish, Milliy kengash ishchi organiga hamda Hududiy kengash raisiga tegishli axborot va takliflarni kiritish;
- kelib tushayotgan xat va hujjatlarni ko‘rib chiqish va Hududiy kengash vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar tayyorlash;
- korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu boradagi faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va Milliy Kengashga kiritishni tashkil etish.
Ishchi organ qonun hujjatlari, Milliy kengash va Hududiy kengashning qarorlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
12. Hududiy kengash kotibi:
Hududiy kengash majlislari kun tartibi masalalari bo‘yicha o‘tkazilishini tashkil etadi;
barcha zarur hujjatlar navbatdagi majlisga to‘planishi, umumlashtirilishi va Hududiy kengash raisiga taqdim etilishini ta’minlaydi;
Hududiy kengash raisi bilan majlisning muddati va joyini hamda taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini kelishadi;
Hududiy kengash a’zolari va taklif etilgan shaxslarga majlis o‘tkaziladigan sana, vaqti, joyi to‘g‘risida xabar beradi;
Hududiy kengash qarorlari bajarilishi monitoringini olib boradi va uning natijalarini Hududiy kengash majlisida ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi;
Hududiy kengash majlislari bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Milliy kengashga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuboradi.