Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, 46 ta vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ijrosi ta’minlanib kelinmoqda.
Loyiha doirasida Moliya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ma’qullandi.
Agentlik tomonidan Hisob palatasi va boshqa vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda qurilish, energetika, suv xo‘jaligi va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Jumladan, Andijon, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari va boshqa buyurtmachi tashkilotlarida jami 461,3 mlrd. so‘mlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish obyektlari o‘rganildi.
O‘rganishlarda, Andijon viloyatida 18 ta, Jizzax viloyatida 11 ta, Navoiy viloyatida 7 ta tanlov va tenderlarni o‘tkazish jarayonida “Davlat xaridlari to‘g‘risida” va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda boshqa qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgani, qurilsh ob’ektlarida davlat budjetiga turli ko‘rinishda 19,6 mlrd. so‘m zararlar yetkazilgani aniqlandi.
O‘rganish natijalariga asosan prokuratura organlari tomonidan Andijon viloyatida 6 ta, Jizzax viloyatida 3 ta, Navoiy viloyatida 1 ta, jami 10 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va 2 ta holatda JPKning 84-moddasi 5-qismiga asosan ayblilik masalasi hal qilinmasdan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda uning quyi tizimlarida 5033 ta qonunbuzilishi, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalari uchun ajratilgan 154,4 mlrd. so‘mlik mablag‘larni maqsadsiz sarflanganligi ma’lum bo‘ldi.
Bandan tashqari, Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlarida davlat xaridlari bo‘yicha 4836 ta xato va kamchiliklar mavjudligi, budjetga 704 mln. so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2019-2020 yillarda 10,4 mlrd. so‘mlik 512 ta shartnomalar tuzilgan bo‘lib, 1,9 mlrd. so‘mlik 20 ta shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar maxsus axborot portaliga uch kundan kechiktirib joylashtirilgan bo‘lsa, 2,4 mlrd. so‘mlik 10 ta miqdoridagi shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar umuman joylashtirilmagan.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan mazkur o‘rganishlar natijasida, vazirlik, huquqni muhofaza qiluvchi organ, idora va tashkilotlarga 13 ta taqdimnoma kiritilib, 25 ta so‘rovnoma va 3 ta ogohlantiruvlar yuborildi, yuborilgan so‘rovnomalar bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 167, 205, 209 va boshqa moddalar bilan umumiy 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.