Ma’lumki, joriy yilning yanvar oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan. O‘tgan vaqt davomida Kengash o‘z nizomi va ish rejasiga asoslangan holda korrupsiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlarga o‘z takliflarni berish hamda Agentlik faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021 yilga mo‘ljallangan vazifalari qatorida Jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan turkum tadbirlar tashkil etish belgilangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 21-22 aprel kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati ko‘magida Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari uchun maxsus treninglar tashkil etilmoqda.
Seminarning bugun bo‘lib o‘tgan ilk kunida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kerak bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish hamda salohiyatini oshirish, jamoatchilik kengashlarining maqsad va vazifalari, ish yuritish uslublari, ularning faoliyatini rejalashtirish masalalariga urg‘u berildi.
Trening o‘z ishini ertaga davom ettiradi va jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik eshituvlari kabi mexanizmlarni samarali ishlatish hamda jamoatchilik va OAV bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.