Joriy yilning 26-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyatining bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, YUNISЕF, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Yevropa ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Mintaqaviy muloqot tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki, JICA (Yaponiya), GIZ (Germaniya), USAID (AQSH) kabi tashkilotlar hamda Shvetsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, AQSH, Germaniya, Yaponiya, Finlandiya davlatlari elchixonalari vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuv Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi ko‘magida tashkil etildi.
Muloqotda xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik qilish yo‘nalishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirishdi. Ular tomonidan avvalo, sohada qonunchilikni takomillashtirish, uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish, sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini jalb etish, bu borada yoshlar, aholi, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari faolligini oshirish kabi yo‘nalishlar ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidlashdi.
Uchrashuv yakunida Agentlik hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi. Shuningdek, Agentlik hamda donor tashkilotlar vakillari faoliyatini muntazam muvofiqlashtirib turuvchi ishchi guruh shakllantirishga kelishib olindi.