Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiya loyihasida davlat organlari va tashkilotlarining vazifa va funksiyalarini samaradorlikka yo‘naltirish, davlat fuqarolik xizmatchilar bilan ishlash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish va doimiy malakasini oshirib borishning samarali va shaffof mexanizmlarini joriy etish hamda xizmatchilarning korrupsiyaga toqatsiz munosabatini shakllantirishga oid o‘rta va uzoq muddatli choralarni amalga oshirish belgilangan.
Seminarda BMTning Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), O‘zbekistondagi Germaniyaning xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ), Jahon banki mutaxassislari “ZOOM” platformasi orqali ishtirok etdilar.
Tadbirda Agentlik direktori Akmal Burxanov ham kirish so‘zi bilan qatnashib, strategiya loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator takliflarini bildirib o‘tdi. Jumladan:
Strategiyanining samaradorligini yanada oshirish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga toqatsiz munosabatni shakllantirish” yo‘nalishini “Davlat organlari va tashkilotlarida ISO: 37001 – Korrupsiyaga qarshi menedjment tizimini joriy etish” bandi bilan to‘ldirish;
Ushbu yo‘nalishga doir maqsadli ko‘rsatkichlar, xususan,“ISO: 37001” sertifikatini olgan davlat organlari va tashkilotlari soni” kabi ko‘rsatkichlar bilan kuchaytirish;
- Davlat xizmatchilarining halolligini tekshirish (“integrity check”) tizimini joriy etish mexanizmini ishlab chiqish.
Mazkur tizim bugungi kunda Estoniya, Armaniston, Qozog‘iston davlatlarida samarali qo‘llanib kelinmoqda.
- Ozarbayjon, Slovakiya, Irlandiya va boshqa bir qator davlatlar tajribasiga asoslanib, “kompetensiya modeli”ni qo‘llash, ya’ni davlat xizmatchilarini lavozimga tayinlashda nafaqat rasmiy belgilangan talablar, balki ushbu lavozimni egallash uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarni, shuningdek ularni o‘lchash va baholash mexanizmlarini ishlab chiqish.
Tadbir yakunida muhokamalar jarayonida ko‘tarilgan taklif va tavsiyalar asosida Strategiya loyihasini yanada takomillashtirilishi qayd etildi.