Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi.
2021-yilning 20-may kuni delegatsiya a’zolarining Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori bilan, shuningdek, Bosh prokuror huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi boshlig‘i – Bosh prokuror o‘rinbosari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi Ijrochi kotibi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bosh prokuror bilan uchrashuv davomida prokuratura organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimidagi o‘rni, amaliy tajribasi, xalqaro-huquqiy mexanizmlari, shuningdek, nodavlat tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalari va fuqarolar huquqlarini himoya qilish instrumentlari bilan tanishildi.
Bosh boshqarma hamda Komissiya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida esa Ozarbayjonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish, uning samaradorligini tahlil qilish hamda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda korrupsiyaga oid ma’lumotlar tahlili, korrupsiyaga oid jinoyatlar natijasida yetkazilgan moddiy zararni qoplash borasidagi tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, idoralar faoliyatida informatsion texnologiyalar va elektron dasturlar samaradorligi, xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish standartlarining milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi holati bilan yaqindan tanishildi.
Ozarbayjonning Yevropa Ittifoqi doirasidagi Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GRЕKO) xalqaro tashkilotidagi a’zolikning amaliy ahamiyati, mazkur tizim rivojidagi o‘rni va istiqboldagi rejalari muhokama qilindi.
Shu bilan bir qatorda, korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar beruvchi shaxslar himoyasiga berilayotgan ahamiyat, bu borada tashkil etilgan maxsus “call-markaz” haqida ma’lumot olindi.
Uchrashuvlar yakunida, ikki davlat o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va sohaga oid ilg‘or tajriba va maxsus bilimlar bilan tizimli almashib borish maqsadida Agentlik, Bosh prokuror huzuridagi korrupsiyaga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolanishi yuzasidan kelishuvga erishildi.