O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.
Bugungi kunda Agentlik davlat organlari va tashkilotlari tomonidan farmon bilan tasdiqlangan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni ochiq maʼlumotlar portali va o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida o‘z vaqtida va to‘liq eʼlon qilinishi, ko‘rsatilgan muddatlarda yangilab borilishini nazoratga olgan.
Xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi hamda mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilganligi (joriy yilning 16 avgust holatiga ko‘ra) monitoring qilindi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:
Namangan viloyati hokimligi tomonidan 2021 yilning 1-yarim yillikda mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari, xususan byudjet mablag‘larining viloyat, shahar va tumanlar hamda sohalar kesimida sarflanishi to‘g‘risidagi maʼlumotlar to‘liq ochiqlangan va farmon ijrosi taʼminlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi;
Andijon viloyati hokimligi;
Buxoro viloyati hokimligi;
Jizzax viloyati hokimligi;
Navoiy viloyati hokimligi tomonidan 2021 yilning 1-yarim yillikda mahalliy byudjet ijrosi to‘g‘risidagi maʼlumotlar qisman ochiqlangani (xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani) aniqlandi.
Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari tomonidan farmon ijrosi umuman bajarilmagani aniqlanib, Agentlik tomonidan belgilangan tartibda ogohlantirildi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etilgan. Boshqarma tomonidan Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning (33 turdagi) ochiq maʼlumotlar portali hamda o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borilishi doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.