O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017–2021 yillarda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha turli sohalarda amalga oshirilgan 10 ta eng muhim islohotlar tahlil qilindi.
1. Parlamentda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitalar tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitalar hamda davlat siyosatini yurituvchi mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bu esa korrutspiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasi parlamentning doimiy nazoratida bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
2. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi isloh qilindi.
Barcha hududlarda jami 207 ta davlat xizmatlari markazlari va ularning olis hududlardagi 129 ta filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xizmat turlari 157 taga yetkazilib, 70 dan ziyod davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi soddalashtirildi. Davlat xizmatlarni ko‘rsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni o‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi.
3. Korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqaruvchi ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.
Xorijga chiqish ruxsatnoma stikeri bekor qilindi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi isloh qilindi. Fuqarolardan 30 ga yaqin turdagi ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlandi. Valyuta bozori to‘liq erkinlashtirildi.
Yer uchastkalarini faqatgina onlayn auksion orqali sotib olish tartibi belgilandi.
Avtomashinalar uchun maxsus avtoraqamlarni onlayn-aksion orqali sotish yo‘lga qo‘yildi.
4. Litsenziya va ruxsatnoma berish tartiblari soddalashtirildi.
Amalda bo‘lgan litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 30 foizgacha qisqartirilib, 49 ta litsenziya, 120 ta ruxsat berish hujjati hamda 33 ta xabarnomaning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi. Litsenziyalash va ruxsatnoma olish sohasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish uchun “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi www.license.gov.uz ishga tushirildi.
5. Oliy ta’lim tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar bartaraf etilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari 3 baravarga oshirildi. Test natijalari imtihon o‘tkazilgan sananing ertasi kuni e’lon qilinishi tartibi yo‘lga qo‘yildi. Bakalavriat va magistratura (klinik ordinatura) ta’lim yo‘nalishlariga qabul imtihonlar onlayn translyatsiya qilinmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilarining oylik maoshi qariyb 4 baravarga oshirildi.
6. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va hisobdorligi ta’minlanmoqda
33 turdagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Mas: davlat organlari balansidagi xizmat avtomashinalar, mol-mulklar, xizmat safarlari va xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari yuzasidan hisobotlar e’lon qilish majburiy etib belgilandi.
Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), “Ochiq budjet” portali (openbudget.uz) kabi platformalar yaratildi va ishga tushirildi.
Fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish instituti yo‘lga qo‘yildi.
7. Shaffof davlat xaridlari tizimi yaratildi
Davlat xaridlarini amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Budjet mablag‘larining samarali sarflanishi, talon-torojlikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha doimiy choralar ko‘rilmoqda. Budjet ochiqligini ta’minlashga xizmat qiluvchi d.xarid.uz, e-xarid.uz va cooperation.uz kabi maxsus portallar ishga tushirildi.
8. Ishga qabul qilishning ochiq tanlov mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Davlat xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yaratildi. Portal orqali 3 mingga yaqin fuqarolar ishga joylashdi.
2021 yil 1 sentabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi belgilandi.
9. “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar — kapital qurilish, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimlarida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi, davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot portali xarid.uz, OTMlarga qabul imtihon jarayonlarini onlayn efirga uzatuvchi imtihon.uz platformasi kabi loyihalar amalga oshirildi.
10. Barcha davlat organlari va tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimlari joriy etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi muvofiqlik “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish maqsadida korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan 26 ta vazirlik va idoralarda tajriba tariqasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limlari tashkil etildi.
Natijada korrupsiyaviy qonunbuzilish holatlari, budjet mablag‘larining talon-taroj qilishini oldi olindi hamda moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.
2021 yil 1 oktabrdan barcha davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etildi.