O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021 yil 1 oktabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Mazkur topshiriq O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) zimmasiga yuklatilgan.
Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rishga mas’ul hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, Agentlik direktorining “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i 2021 yil 8 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizom bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga (kuzatuv kengashiga) bo‘ysunishi belgilandi. Bu o‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasining boshqa tarkibiy bo‘linmalardan mustaqil ravishda faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarlari tegishli tashkilot tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Bu esa ushbu tuzilmalarga eng munosib kadrlar xizmat qilishiga zamin yaratadi.
Mazkur tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining roziligisiz lavozimdan ozod etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi va tuzilmalar mustaqilligi ta’minlanadi.
Quyidagilar Nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish;
- tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;
- tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali ishlashini ta’minlash va nazorat qilish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun nizom bilan Korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmasiga qator huquqlar taqdim etilib, majburiyatlar yuklandi. Xususan, nazorat tuzilmasi xodimlari tekshiruvlar o‘tkazishi, hujjatlarni talab qilishi, xodimlardan yozma tushuntirishlar olishi mumkin. Tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan korrupsiya holatlari aniqlangan hollarda zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Nizom bilan, nazorat tuzilmasi faoliyatining natijadorligi va maqsadli ko‘rsatkichlarining baholanishi hamda ularni nazorat qilish Agentlik tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Mazkur nizomning qabul qilinishi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO37001:2016 xalqaro standarti talablariga javob beruvchi kompleks tizimni joriy etish va rivojlantirishga ko‘mak beradi. Bu esa o‘z navbatida, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi.