Joriy yilning 10 sentabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish yo‘llari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati avvalida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 15 yanvar kuni Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi va mamlakatimizda aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi hamda Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘z taklif va tavsiyalarini berdi. Shunga qaramasdan Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator ishlarniamalga oshirish zarurati mavjud.
Mazkur masala yuzasidan BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari jalb qilingan holda Jamoatchilik Kengashi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, Kengash faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari xalqaro ekspertlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha xorij tajribasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
O‘zaro muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur tadbirda ushbu taklif va tavsiyalar Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida muhokama qilindi. Xorij tajribasida ko‘zda tutilgan ijobiy jihatlarni Kengash faoliyatiga joriy etish, ularni qolgan davlat tuzilmalari huzuridagi kengashlar ishiga ham singdirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.