Joriy yilning 27-sentabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi rahbari Ron van Ruden boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda shuningdek, Jamg‘armaning O‘zbekistondagi doimiy vakili K.Ross ishtirok etdi.
Tadbirda dastlab, Agentlik direktori A.Burxanov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Agentlik va Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari o‘rtasida joriy yilning 5-fevral kuni o‘tkazilgan uchrashuvdan keyingi davrda olib borilgan islohotlar, shu jumladan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida Agentlikka yuklatilgan yangi vazifa va funksiyalari tanishtirildi.
Xalqaro tashkilot vakili R.Ruden tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining olib borilishi yo‘nalishida juda qisqa vaqt ichida erishilgan yutuqlarga yuqori baho berildi. Bundan tashqari, Jamg‘arma vakillari tomonidan davlat xaridlari, deklaratsiyalash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘rnatilgan xalqaro aloqalar bo‘yicha berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida davlat xaridlarini amalga oshirish va tashqi qarzlardan foydalanish davomida korrupsiya xavf-xatarlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va Agentlik xodimlarining malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur uchrashuv yakunida ikki taraf vakillari tomonidan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida takliflar berishni davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.