Joriy yilning 28-sentabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Elchi Sharlotta Adrien hamda Bryusseldagi Bosh Kotibiyatidan tashrif buyurgan ekspertlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv maqsadi – Yevropa Ittifoqining monitoring siyosati doirasida Ittifoq tomonidan grantlar ajratilayotgan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar bilan tanishish va bu borada hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish bo‘ldi.
Dastlab uchrashuvni Agentlik direktori ochib berib, Yevropa Ittifoqi vakillariga O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari, jumladan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat organlari ochiqligini ta’minlash, fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Xalq qabulxonalari tashkil etilishi va Agentlikning joriy faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, Elchi Sh.Adrien ushbu uchrashuvdan mamnunligini aytib, mamlakatimizda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi budjet mablag‘lari ishlatilishining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashish choralari hamda mazkur yo‘nalishlardagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va undagi o‘zgarishlar, Agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlar, idoraning yaqin istiqboldagi rejalari va ko‘zlagan maqsadlari bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida, Yevropa Ittifoqi va Agentlik o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish hamda ikki tashkilot hamkorligini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqish uchun kelgusida ishchi uchrashuvlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.