Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi yig‘ilishida hududiy kengashlar tarkibini shakllantirish masalasi ko‘rilib, unda Samarqand viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tarkibi tasdiqlangan edi.
Viloyat hududiy kengashining kuni kecha o‘tkazilgan dastlabki yig‘ilishida esa Kengash tarkibi tanishtirilib, vazifalar belgilab olindi. Ma’ruzachilar tomonidan korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda qo‘llanilayotgan amaliyot, bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi haqida ma’lumot berib, “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirishda hududiy kengashlar a’zolari oldida turgan vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Yig‘ilishda, shuningdek Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhammedov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev mazkur illatga qarshi kurashish yuzasidan taklif hamda tavsiyalarini bildirdilar.
“Korrupsiyaga qarshi kurashishni kengash a’zolari, avvalo, o‘zidan, o‘zi rahbarlik qilayotgan korxonadan boshlashi zarur”, – dedi E.Turdimov, Korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi raisi- viloyat hokimi. Bu borada ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik yordamiga tayanish, hududga biriktirilgan Milliy kengash a’zolari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shaxsiy mas'uliyatni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.