Korrupsiya – media olamida eng oʻtkir va ayni paytda ogʻriqli mavzulardan biri. OAV bu illatga qarshi faol jamoatchilik nazorati orqali murosasiz kurashib kelmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida tashkil etib kelinayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini yoritish boʻyicha jurnalist, bloger, NNT faollarining salohiyatini oshirish” mavzusidagi trening jamiyatdagi korrupsiya muammolari va tahdidlarini yoritishda OAV salohiyatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning 10-11-fevral kunlari oʻtkazilgan navbatdagi treningning ishtirokchilari bu gal qashqadaryolik jurnalist va blogerlar boʻldi.
Treningda taniqli mediatrenerlar va Agentlik maʼsul xodimlari tomonidan OAV vakillariga korrupsiya va uning turlari, korrupsiyaga qarshi kurashda milliy va xalqaro qonunchilik asoslari, xalqaro tajriba, korrupsiya masalalarini yoritishda jurnalist xavfsizligi masalalari boʻyicha maʼlumot berildi.
Trening dasturidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida targʻibotni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, jurnalistik surishtiruvni samarali amalga oshirish mexanizmlari ham oʻrin oldi.
Maʼlumki, korrupsiya mavzusini yoritishda, xususan, jurnalistik surishtiruv olib borishda faktlarni toʻgʻri tahlil va talqin qilish, qonunchilik hujjatlari bilan samarali ishlash, kasb etikasi va shaxs huquqlari chegarasini buzmaslik kabi dolzarb va ayni paytda nozik jihatlar mavjud. Trening davomida oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlarda shu kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, asosli tanqid, kerakli xulosa, aniq yechimlar taklif etishda jurnalist zimmasidagi masʼuliyatga alohida urgʻu berildi.
Ishtirokchilar mass-media vositalari (videoroliklar, internet va boshqa OAV materiallari) yordamida fuqarolarni korrupsiyaga qarshi munosabatini shakllantirish va huquq-targʻibot idoralari bilan hamkorlikni samarali tashkil etish usullaridan ham xabardor boʻlishdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati