Joriy yilning 16-fevral kunidan Davlat boshqaruv akademiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari Tashkiliy-nazorat tuzilmalari rahbarlari uchun maxsus oʻquv kursi boshlandi.
Asosiy maqsad Tashkiliy-nazorat tuzilmalari rahbarlarining nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish hamda ularni professional jihatdan yanada rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat.
Ikki bosqichli oʻquv kursida 200 nafardan ortiq Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari, jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
Maxsus oʻquv dasturi doirasida tinglovchilar uchun Oʻzbekistonda kadrlar siyosati, mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy hokimliklar Tashkiliy-kadrlar guruhlari faoliyatini samarali tashkil etishdagi dolzarb vazifalar, shuningdek, ishtirokchilarning malaka va salohiyatini yanada boyitishga qaratilgan treninglar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, 2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, rahbar axloqi va boshqaruv madaniyati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tayyorlash, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati kabi mavzularda professorlar, vazirlik, idoralarning amaliyotchi mutaxassislari tomonidan nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.
Xususan, Agentlik masʼul xodimlari “Davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish istiqbollari” mavzusidagi maxsus oʻquv seminarida maʼruza bilan ishtirok etdi.
Oʻquv kursi dasturiga asosan tinglovchilarning Shayxontohur tumanidagi “Sarxumdon” MFY, Olmazor tumani 1-sektor shtabi faoliyati bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.
4 kunlik qisqa muddatli oʻquv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati