Korrupsiyaga qarshi kurashishda avvalo, jamoatchilikda ong va taffakkur isloh qilinmas ekan, har qanday qatʼiy choralar ham, kuchli va barqaror nazorat tizimi ham yetarlicha samara bermaydi. Bu boradagi isloh esa har kimning oʻzidan boshlanadi va u pirovardida butun jamiyatni yagona maqsad – korrupsiyaga nisbatan murosasizlik yoʻlida birlashtiradi. Yangi Oʻzbekistonning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ana shunday muhim harakatlantiruvchi kuch – “halollik vaksinasi” har tomonlama zarur.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida boʻlib oʻtgan “Halollik vaksinasi – taraqqiyot garovi” nomli konferensiyada ham ayni shu jihatlarga alohida urgʻu berildi.
Mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar, dolzarb vazifalar va kelgusidagi maqsadlar muhokamasi uchun yana bir muloqot maydoni boʻldi.
Unda qator vazirlik va idoralar vakillari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimlari sohaga oid konseptual normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar va ularning samarasi yuzasidan oʻzaro fikr almashishdi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining bugungi kundagi ijrosi, erishilgan yutuqlar va kutilayotgan yangi natijalar oʻzaro muloqotlarning asosiy mavzusi boʻldi.
Konferensiya ishi “Korrupsiya – yoshlar nigohida” kitobining taqdimotiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bilan davom etdi.
Qayd etilishicha, ushbu kitob mamlakat Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan gʻoyalar asosida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining huquqiy bilimini oshirish, korrupsiya haqida tasavvur va tafafakkurini kengaytirish, ushbu illatga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan “Korrupsiya – yoshlar tasavvurida” nomli insholar tanlovining oʻziga xos mahsulidir.
Tanlovda 8642 ta umumtaʼlim maktabidan 445 mingdan ortiq oʻquvchi korrupsiya va unga qarshi kurashish haqida oʻz fikr-mulohazalari aks etgan insholar bilan ishtirok etdi. Ular orasidan 84 nafar oʻquvchining ijodiy ishlari saralab olindi hamda “Korrupsiya – yoshlar nigohida” kitobida jamlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur kitob buguni va ertasini korrupsiyadan xoli koʻrish istagidagi yoshlarning ushbu ijtimoiy illatga nisbatan qarashlari, taklif va maqsadlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Konferensiya yakunida korrupsion holatlarga barham berish borasida oʻzaro hamkorlikda faoliyat olib borish, korrupsiyaga qarshi kurashda aholining ijtimoiy faolligi, huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot tadbirlarini hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha kelgusidagi maqsad-vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati