Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi va korrupsiya alomatlari mavjudligi boʻyicha doimiy ravishda monitoring va oʻrganishlar oʻtkazib borilmoqda.
Oʻrganishda davlat buyurtmachilari tomonidan oʻtkazilgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari sunʼiy ravishda qismlarga boʻlingani, ayrim davlat xaridlarida bir xil ishtirokchilar takroran gʻolib boʻlgani, baʼzi buyurtmachilar qonun talablariga zid ravishda qurilish sohasidagi davlat xaridlari boʻyicha eʼlonlarni “Shaffof qurilish” axborot markazining “tender.mc.uz” maxsus platformasiga joylashtirmagani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 59-moddasida davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portali elektron tizimiga tanlash oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni joylashtirish bilan bir vaqtda:
- tanlash oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
- ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta;
- toʻlov tartibi va yetkazib berish shartlari haqidagi axborot;
- tanlashda ishtirok etish uchun taklifni davlat tilida va zaruriyatga qarab, boshqa tillarda tayyorlash majburiyligi toʻgʻrisidagi talab;
- ishtirokchilarga tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi;
- taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
- texnik topshiriq;
- ishtirokchilarning takliflarni baholash mezonlari va koʻrib chiqish tartibi;
- tanlash ishtirokchilari tomonidan korrupsiya koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ariza taqdim etish majburiyligi haqidagi talab kiritilishi va tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlariga ularning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinishi lozimligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-yanvardagi 46-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3-bandida davlat buyurtmachilarining bir shartnoma boʻyicha qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 6 000 (avvalgi tahrirda 2 500) baravaridan ortiq boʻlgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari “tender.mc.uz” maxsus axborot portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi qayd qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 3016-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 125-18-bandida tanlash taklifining texnik va narx qismi boʻyicha buyurtmachining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun taklifning har bir qismini baholash ahamiyatiga qarab nisbiy qiymati belgilanishi;
Tanlov hujjatlarida ballarning boshlangʻich qiymatlari belgilanishi mumkin va ulardan oʻtmagan ishtirokchi elektron tanlovdan chetlatilishi;
Tanlov taklifining texnik qismi uchun miqdoriy koʻrsatkichlardan (malakali mutaxassislar soni, yetkazib berish muddati, ish tajribasi va boshqalar) yoki ekspert bahosidan kelib chiqqan holda baholash mezonlari belgilanishi;
Ball usulidan foydalanganda tanlov taklifining texnik qismining har bir baholash mezoni boʻyicha nisbiy qiymat belgilanishi mumkinligi, eng past narx usulidan foydalanganda ishtirokchining tanlov taklifi tanlov hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlovchi mezonlar belgilanishi lozimligi qayd etilgan.
Biroq, davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd qilingan qonunchilik talablari tizimli ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyilib kelinmoqda. Jumladan:
- Navoiy issiqlik elektr stansiyasi AJ tomonidan “etender.uz” elektron maxsus portaliga 4,9 mlrd soʻmlik stansiya ichida yangi oʻtkazish punkti binosini qurish yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridida;
- Fargʻona tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida 1,6 mlrd soʻmlik korxonaga qarashli 476-yoʻl boʻlimi binosini qurish yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridida;
Bundan tashqari, Kattaqoʻrgʻon tumani Tibbiyot birlashmasi tomonidan “etender.uz” elektron maxsus portaliga 228,0 mln soʻmlik oziq-ovqat va issiq ovqatlar bilan taʼminlash yuzasidan oʻtkazilgan tanlovda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi” Nizom talablari qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan buyurtmachilarga tegishli taqdimnomalar kiritilib, ushbu eʼlonlar bekor qilinishi taʼminlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati