Maʼlumki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, ochiqlik sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, ochiq maʼlumotlar roʻyxatini uzluksiz toʻldirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat xizmatchilarida xalq oldida hisobdorlik madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
Mazkur Farmon bilan tasdiqlangan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning oʻz vaqtida va toʻliq eʼlon qilib borilishini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan barcha hududlarda “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash” mavzusida seminar oʻtkazilmoqda.
Shu kunga qadar bu kabi seminarlar Fargʻona, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida oʻtkazildi. Bugun, 2-mart kuni Toshkent shahri hokimligida barcha tuman va shahar mutasaddilari ishtirokida navbatdagi seminar boʻlib oʻtmoqda.
Seminarlarda Agentlik masʼul xodimlari Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi vakillari bilan birgalikda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashi deputatlari hamda Kengashlari huzurida tashkil etilgan Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari aʼzolari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimlari ishtirok etmoqda.
Taʼkidlanganidek, Farmonga muvofiq, Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish, doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish majburiyatlariga toʻliq rioya etilishi holati joyiga chiqish va masofaviy monitoring tartibida muntazam oʻrganilmoqda.
Oʻrganishlar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, ochiqlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosini toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.
Shu bois seminarda Farmon bilan tasdiqlangan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatida koʻrsatilgan axborotlar toʻplamining joylashtirib borilishi, shuningdek, ochiq axborot turi, joylashtiriladigan resursi, taqdim etish va yangilash muddati hamda ularni joylashtirish tartibi masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Farmon talablaridan kelib chiqib, Toshkent shahrida davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari, ochiq maʼlumotlar portalida ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning joylashtirilishi boʻyicha uchrayotgan nuqsonlar, sustkashliklar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammolar muhokama etilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olindi.
“Davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini taʼminlash” mavzusidagi seminar mart-aprel oylari mobaynida respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbir tafsilotlari bilan Agentlikning rasmiy sahifalari orqali tanishtirib boramiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati