1992-yil 2-mart kuni yangi suveren davlat —Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli aʼzosiga aylandi.
Oʻtgan davr mobaynida koʻplab soha va yoʻnalishlarda oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ham hamkorlik yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, 2008-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qoʻshildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilishi natijasida ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Agentlik tashkil etilgan ilk kunlaridanoq BMT va uning tarmoq tashkilotlari birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Bugungi Agentlik BMT oilasining BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP), BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC), BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) kabi tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalar, turli xil tadbirlarni tashkil etish va Agentlik xodimlarining salohiyatini oshirish, ekspertlik yordam koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda birgalikda ishlar tashkil etilgan.
Soʻnggi muhim voqealar qatorida BTMning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qoʻmitasiga Oʻzbekiston tomonidan bergan hisoboti ham bor. Unda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari ham koʻtarilgan boʻlib, Qoʻmita ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonning shartnomaviy majburiyatlarini bajarish boʻyicha koʻrilayotgan ijobiy qadamlarini yuqori baholab, Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi islohotlarni amalga oshirayotganini, jumladan, «Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida»gi Qonunning qabul qilinganligi va Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilganligi eʼtirof etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati